Ta’lim kreditini olish tartibi qanday?

Ko’pchilik oliy ta’lim muassasalari uchun kirish imtixonlarini topshirib ulgurdi. Imtihon natijalari esa har kuni e’lon qilinib borilmoqda. Garchi yakuniy mandate hali e’lon qilinmagan bo’lsa-da, ko’pchilik o’zining talaba bo’lganini nishonlamoqda. Ayni paytda “chala talabalar” va ularning ota-onalari oldida bir murakkab savol turibdi: “Shartnoma pulini qanday to’lasak ekan?”.  Ta’lim krediti ba’zilar uchun yechim bo’lishi ham mumkin.

Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali ta’lim krediti olish tartibi va zarur hujjatlar to’g’risida quyidagi ma’lumotlarini berdi:

Banklar tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun ularning oʻzlariga, ota-onalari yoki vasiylariga taʼlim kreditlari berilishi mumkin.

Taʼlim kreditlari talabalar uchun bakalavriatga oʻqishga qabul qilinganda 10 yilgacha va magistraturaga oʻqishga qabul qilinganda 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.

Banklar tomonidan berilgan taʼlim kreditlari boʻyicha:

👉 chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga – nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

👉 talabalarning qolgan toifalariga – Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori boʻlmagan foiz stavkalari belgilanadi.

Taʼlim krediti uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

a) ariza;

b) toʻlov-kontrakt shartnomasi (kontrakt);

g) kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;

d) imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

 Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan koʻrsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

Batafsil ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida” 318-son qaroridan topish mumkin.

O'xshash xabarlar

Leave a Comment